04-09-2025 10:52
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bozor 46 foizga o‘sgan.
Umumiy sug‘urta segmenti bozorning 94 foizini egallab turgan bo‘lsa, hayotni sug‘urtalash 384,22 mlrd so‘mga yetdi va 385 foizdan ziyod o‘sish qayd etdi. Shu bilan birga, hayot sug‘urtasi ulushi 6,16 foizni tashkil qildi.
Umumiy sug‘urta segmentida yig‘ilgan mukofotlar 5,85 trln so‘mni tashkil etib, 39,6 foizga oshgan. Ammo eng katta sur’at hayotni sug‘urtalashda kuzatildi: mukofotlar 384,22 mlrd so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘pdir.
Shu bilan birga, yangi hisobot davrida sug‘urta to‘lovlari ham o‘sdi. Jami to‘lovlar 1,24 trln so‘mni tashkil etib, 11,6 foizga ko‘paydi. Umumiy sug‘urta segmentida to‘lovlar 1,18 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, hayotni sug‘urtalash bo‘yicha to‘lovlar 64,46 mlrd so‘mgacha pasaydi.
Iyun yakuniga ko‘ra, sug‘urta tashkilotlarining jami majburiyatlari 2,98 kvadrillion so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 45 foiz ko‘p. Sektordagi investitsiyalar 8,34 trln so‘mdan oshib, asosan depozitlar (60,9 foiz), qimmatli qog‘ozlar (16,7 foiz) va ko‘chmas mulkka (18,7 foiz) yo‘naltirildi.
Hisobot davrida bozorda 34 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatgan. Umumiy sug‘urta segmentida Apex Insurance 1,08 trln so‘m mukofot yig‘ib yetakchi bo‘ldi. Undan keyin «My-Insurance» (354,54 mlrd so‘m) va «UzbekInvestt» (312,3 mlrd so‘m) qayd etildi.
Hayotni sug‘urtalashda «Apex Life Insurance» 248,24 mlrd so‘mlik mukofot bilan birinchi o‘rinni egalladi. «TBC Sug‘urta» va «Alfa Life Insurance» esa mos ravishda 38,55 mlrd va 18,04 mlrd so‘m yig‘di.
Faol shartnomalar soni bo‘yicha «My-Insurance» 1,27 mln shartnoma bilan birinchi, «Apex Insurance» esa 1,23 mln shartnoma bilan ikkinchi o‘rinda qayd etildi.