Xabar qilinishicha, endilikda Xalqaro qoʻshma komissiyadan (Joint Commission International) akkreditatsiyadan oʻtgan dastlabki 30 ta xususiy tibbiyot muassasasining akkreditatsiyadan oʻtish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
Shu munosabat bilan Turizm qoʻmitasiga bir qator qoʻshimcha vazifalar yuklatilmoqda. Birinchidan, Oʻzbekistonning chegara bojxona postlari hududida xorijiy fuqarolar uchun respublikadagi tibbiyot, sogʻlomlashtirish muassasalari imkoniyatlari toʻgʻrisida targʻibot kampaniyalarini tashkil qiladi.
Ikkinchidan, davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sogʻlomlashtirish muassasalarining yagona reyestrini shakllantirish va uni doimiy ravishda yangilab boriladi.
Uchinchidan, toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylarni sertifikatlashtirilishini tashkil qiladi.
Toʻrtinchidan, maxsus tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmi yoʻnalishlari (marshrutlari)ni ishlab chiqadi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 1-martgacha bir qator ishlar amalga oshirilib boʻlishi kerak. Xususan, qarorga muvofiq, tibbiyot muassasalari, sanatoriylar va tibbiy turizm yoʻnalishida xizmat koʻrsatuvchi turoperatorlarning xizmatlari sifati baholab borilishini nazarda tutuvchi reytingni shakllantirish uchun elektron platforma yaratiladi.
Shuningdek, davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sogʻlomlashtirish muassasalarining yagona reyestri shakllantirish yakunlanishi koʻzda tutilmoqda.