29-08-2025 09:38
Toshkentda Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab zamonaviy yerosti avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur inshootni ko‘zdan kechirdi. Yo‘l aholi soni ortib, shahar hududi kengayayotgani sababli transport oqimini yengillashtirish maqsadida qurildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uzunligi 468 metr va kengligi 25 metr bo‘lgan tunnel yangi uy-joylar, istirohat bog‘i, universitet va Olimpiya shaharchasi qurilgan hududdan o‘tadi. U kelgusida Yangi Toshkentga olib boruvchi yo‘lning muhim qismiga aylanishi kutilmoqda.
Tunnel ustki qismida yashil hudud barpo etildi va piyodalar uchun xavfsiz yo‘laklar yaratildi. Shuningdek, bu yo‘nalishda kelgusida quriladigan metro bekati uchun ham tunnel tayyorlandi.
Muhandislar hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi yo‘l avtomobilistlar vaqt sarfini ikki barobarga qisqartiradi. Kunlik yonilg‘i tejami 1 tonnani tashkil etsa, atmosferaga chiqadigan zararli gazlar hajmi 2 tonnaga kamayadi.
Prezident Mirziyoyev loyihaning ekologik jihatlariga alohida e’tibor qaratdi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, zamonaviy infratuzilma na faqat aholiga qulaylik yaratadi, balki turizm rivojiga ham xizmat qiladi.