01-08-2025 13:10
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oylik hisobda oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘rtacha 1 foizga arzonladi. Ayniqsa, mevalar va yong‘oqlar 9 foizdan ortiq, sabzavotlar, ildizli mahsulotlar va dukkaklilar 4,8 foizga arzonlashdi. Sut mahsulotlari va tuxumlar 0,8 foiz, un va don mahsulotlari 0,1 foizga tushdi. Shu bilan birga, go‘sht narxi qariyb 2 foizga oshdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlar segmentida inflyatsiya past darajada saqlanib, oylik 0,2 foiz va yillik 7,1 foizni tashkil etdi. Kiyim-kechak, poyabzal hamda maishiy texnika narxlari oylik hisobda 0,1 foizga o‘sdi.
Xizmatlar sohasida esa aksincha, narxlar oshishi davom etdi — iyul oyida 0,9 foizga, yillik hisobda esa 16,3 foizga ko‘tarildi. Buning asosiy sabablaridan biri bir qator hududlarda kommunal va xizmat tariflarining yangilanishi bo‘ldi. Jumladan, Buxoro, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida suv va kanalizatsiya xizmatlari, Navoiy va Samarqandda maishiy chiqindi yig‘ish, Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘onada ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish tariflari oshirildi.
Yil boshidan beri umumiy inflyatsiya darajasi 4 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya may–iyun oylariga nisbatan biroz tezlashib, 8,9 foizga yetdi.