31-07-2025 07:13
Yevropa Ittifoqi 2025 yil 12 oktyabrdan boshlab yangi Kirish va Chiqish tizimini (Entry/Exit System, EES) bosqichma-bosqich joriy etishni boshlaydi. Bu tizim an’anaviy pasportga muhr bosish o‘rniga biometrik ma’lumotlardan foydalangan holda raqamli ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshiradi.
Tizimga ko‘ra, sayyohlar chegarani birinchi marta kesib o‘tayotganida ulardan barmoq izlari yoki yuz fotosuratlari olinadi. Keyingi safarlarda esa, pasportga muhr bosishning o‘rniga, chegaradan o‘tish raqamli tarzda avtomatik qayd etiladi.
Yangi tizim chet ellik fuqarolarning mamlakat hududida bo‘lish muddatlarini tezroq va aniqroq nazorat qilish, shuningdek, ruxsat etilgan vaqtdan ortiq qolish holatlarini zudlik bilan aniqlash imkoniyatini yaratadi.
Mazkur tizim Shengen kelishuviga a’zo barcha mamlakatlarda, jumladan Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Polsha va boshqa davlatlarda joriy etiladi.