29-07-2025 10:03
Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on shahri tarkibiga hamda Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on tumani tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu chegaralar o‘zgartirilishi natijasida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektar maydonda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Hududda 2030 yilga borib sanoat korxonalarining sonini 332 tadan 500 taga yetkazish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qariyb ikki barobarga o‘sishini ta’minlash reja qilingan. Aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 barobarga o‘sishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, hududda xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar sonini 981 tadan 1 285 taga yetkazish hisobiga jami xizmatlar hajmi 1,8 barobarga o‘sishi, 2030 yilga borib xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar soni 3 ming taga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Qaror loyihasida hududning chegaralarini o‘zgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli bajarish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatildi.