Yirik shaharlar oʻrtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 km zamonaviy pullik magistral avtomobil yoʻllarini quriladi va modernizatsiya qilinadi.
Jumladan, Toshkent–Samarqand pulli yoʻlini qurish ishlari 2024-yilda, Toshkent–Andijon pulli yoʻlini qurish esa 2026-yilda boshlanadi.
Bu haqda joriy yil 30-avgustda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasida 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan tasdiqlangan tegishli dasturda belgilab qoʻyildi.
Qarorga koʻra, 2024–2026-yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar hamda 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi tasdiqlangan.
Bunda, shuningdek, quyidagilar inobatga olinmoqda:
yillik energiya yoʻqotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yil 1-iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash;
yiliga qoʻshimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028-yilga qadar barcha maʼnan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish boʻyicha kelishuvlarga erishish;
toza va doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv taʼminoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirishni nazarda tutgan holda 2028-yil yakuniga qadar har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish;
400 mingdan ortiq oʻquvchilar sigʻimiga ega zamonaviy taʼlim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sigʻimiga ega maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil qilish maqsadida 2026-yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish;
ilgʻor texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat koʻrsatuvchi koʻp tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berish.