15-07-2025 10:24
Vazirlar Mahkamasining yangi qaror loyihasiga ko‘ra, davlat mulki hisoblangan madaniy meros obyektlari va ularga tutash yerlar yuridik hamda jismoniy shaxslarga elektron savdo platformasi — E-auksion orqali ijaraga beriladi. Bu tizim 2025-yil 1-iyuldan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.
Ijaraga berishda ijaraga oluvchilar obyektlarni saqlash va obodonlashtirish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini zimmasiga olishi talab etiladi. Savdolar Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizomga asosan o‘tkaziladi.
Ijara shartnomalari uch tomonlama tartibda — ijaraga oluvchi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Madaniy meros agentligi huzuridagi maxsus direksiya o‘rtasida tuziladi. Direksiya shartnomalar bajarilishi, ijara to‘lovlarining o‘z vaqtida to‘lanishi va obyektlarning saqlanishi ustidan nazorat olib boradi.
Bundan tashqari, direksiya davlat balansida bo‘lgan foydalanilmayotgan madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, ularni ijaraga berish va tushumlarni monitoring qilish vazifalarini ham amalga oshiradi.
Loyiha madaniy merosni himoya qilish hamda iqtisodiy foyda olishni birgalikda ta’minlashni maqsad qilgan. Hozirda mazkur qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan.