Ma’lumotni ayblanuvchining advokati Amir Raisiyon tasdiqlagan. Shanbehzoda may oyida tvit yozgan. Uning tviti Xomanaiyning postiga qaraganda ko‘proq layk olganidan bir necha hafta o‘tgach, erkak hibsga olingan. Advokatga ko‘ra, Shanbehzoda “Isroil foydasiga tashviqot qilgani uchun” 5 yilga, “islom muqaddasotlarini haqorat qilgani uchun” 4 yilga, “yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun” 2 yilga va “davlatga qarshi tashviqot uchun” yana bir yilga qamalgan.
Shanbehzoda 12 yillik jazoning 5 yilini qamoqxonada o‘tkazishi shart, shundan so‘ng muddatidan oldin shartli ozod etilish to‘g‘risida ariza berishi mumkin. Himoyachi hukmga nisbatan shikoyat qilmoqchi.
Ayblovchi Shanbehzodaning eng og‘ir modda bo‘yicha aybdorligini isbotlay olmagan. Sud boshqa moddalar bo‘yicha quyidagi dalillarni keltirgan:
- siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash va majburiy hijob kiyishni bekor qilish haqidagi postlar;
- #QatllargaYo‘q xeshtegidan foydalanish;
- Eron saylovlarini tanqid qilish;
- sobiq prezident Ibrohim Raisiyning vafoti munosabati bilan xursandchilik bildirish.
Shanbehzoda 2019-yilda ham hibsga olingan. Bunga Eronda yoqilg‘i narxlarining keskin oshirilishi tufayli boshlangan norozilik namoyishlari sabab bo‘lgan. O‘shanda u “muqaddas qadamjolarni va Eron rahbarini haqorat qilish”da ayblangan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador ommaviy axborot vositalari uni Mossad agenti deb e’lon qilgan.
Iran International nashriga ko‘ra, Eron rejimini tanqid qiluvchilar ko‘pincha nuqta va boshqa alohida belgilardan hukumatga nisbatan noroziligini ifodalash uchun foydalanadi.