04-11-2025 13:37

3 noyabr kuni PQ–327-sonli Prezident qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Qaror bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘qishni bitirgandan so‘ng ofitser lavozimlarida 5 kalendar yil davomida xizmatni o‘tamaganda, ulardan o‘qitish uchun sarflangan mablag‘lar undirib olinishi belgilandi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqarolar oliy harbiy ta’lim muassasasini tamomlagandan so‘ng 5 kalendar yil mobaynida ofitserlar tarkibi lavozimlarida harbiy xizmatni o‘tashi, xizmatni o‘tamaganda o‘qitish uchun sarflangan mablag‘larni Davlat byudjetiga qaytarishi lozimligi belgilangan.
Shuningdek, bugungi kunda oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari nafaqat harbiy xizmatchi bo‘lib, balki xodim sifatida ham xizmatni o‘tash uchun boshqa vazirlik va idoralarga yuborilayotgani sababli ushbu bitiruvchilarning xodim sifatida 5 kalendar yil davomida xizmatni o‘tashga majburligini qonunchilikda belgilash zarurati yuzaga kelgan.
