27-10-2025 09:46

Bu haqda yaqinda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yildan «A1» kichik toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarga haydovchilarni tayyorlash majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan turib, to‘g‘ridan to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish huquqi beriladi. Bunda talabgorlar o‘zlarining ixtiyoriga ko‘ra o‘quv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) o‘qishi yoxud mustaqil tayyorlanishi mumkin bo‘ladi.
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlardan haydovchilarni tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qishni tugatgani haqida guvohnoma talab etilmaydi.
“A”, “B”, “C”, “D” toifadagi avtomototransport vositalaridan birini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar «A1» kichik toifadagi transport vositalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
«A1» kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta savoldan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob bergan haydovchilikka nomzodlar amaliy imtihonga qo‘yiladi (boshqa toifalar uchun 18 ta).
2026-yil 1-fevraldan «A» va «B» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi.
«A» va «B» toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv guruhlarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.
2026-yil 1-apreldan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan tegishli yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanadi.
Jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda (ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi) foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlash tartibi joriy etiladi.
