06-08-2025 05:44
Ostona shahar kengashi deputati Saule Samidin amerikalik pop-yulduz Jennifer Lopesning Qozog‘istonda o‘tkazgan konsertidagi ochiq sahna liboslari haqida fikr bildirdi. U Threadsdagi postida J.Lo liboslarini mentalitetga mos emas deb baholadi.
«Ko‘pchilik sahna kostyumlarining ochiqligiga e’tibor berdi. Qizim ham Lopes BAAda mahalliy madaniyatga hurmat saqlagan holja yopiqroq libosda chiqqanini aytdi. Albatta, biz Amirliklar emasmiz, lekin bizda ham o‘z mentalitetimiz bor. Ehtimol, ayrim obrazlar mahalliy auditoriyaga moslashtirilishi mumkin edi» , — deb yozdi deputat.
Samidinning bu fikri ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar deputat san’atkor liboslari bilan emas, balki mamlakatdagi dolzarb muammolar bilan shug‘ullanishi kerakligini ta’kidladi.
«Siz 2023-yildan beri kengash raisisiz. Nega xotin-qizlar huquqi, firibgarlik, korrupsiya, infratuzilma muammolari bilan emas, sahna kostyumlari bilan bandsiz?» — deb yozdi foydalanuvchilardan biri.
Boshqalar esa Ostonadagi hal etilmagan muammolarni eslatishdi: davlat bog‘chalarining yetishmasligi, yo‘l-ta’miridagi korrupsiya va hokazo.
Ayni paytda, ko‘pchilik foydalanuvchilar Jennifer Lopesni himoya qildi. Ularning fikricha, sahna obrazlari – bu san’atkorning uslubi va sahna san’ati uchun mos, motivatsion ko‘rinishdir.
«J.Lo liboslari chiroyli va sahnaga mos. U mehnat, go‘zallik va erkinlik timsoli. Kimga yoqmasa – konsertga bormasin » ,— deya ta’kidladi izohlovchilardan biri.
Jennifer Lopesning konserti o‘tgan juma kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Unga Qozog‘iston, Rossiya, Kongo va boshqa mamlakatlardan minglab muxlislar tashrif buyurdi. San’atkor va uning jamoasi Qozog‘istondagi mehmondo‘stlikdan hayratda qolganini ijtimoiy tarmoqlarda yozdi.
Eng e’tiborli voqealardan biri – Ostona shahridagi konsert paytida Jennifer Lopesga qozog‘istonlik tadbirkor Dinmuhammad Sizdiqov tomonidan sovg‘a qilingan milliy qozoq kamzulini kiyib chiqishi bo‘ldi.
Bu holat ko‘plab muxlislar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan iliq kutib olindi. Ular kamzulning chiroyliligi va milliy urf-odatlarga hurmat ifodasini alohida ta’kidladilar. Kamzul kiygan suratlari internetda tez tarqaldi, ko‘plab layklar va ijobiy fikrlar yig‘di. Sovg‘aning o‘zi esa juda yaxshi g‘oya sifatida baholandi hamda bu orqali qozoq madaniyatini ommalashtirishga hissa qo‘shilganini aytishdi.
Eslatib o‘tamiz, xonanda 2025-yilning 7-avgustda Toshkentga tashrif buyuradi. Lopecning O‘zbekistondagi ilk konserti Bunyodkor (Milliy) stadionida «Up All Night – LIVE IN 2025» turining bir qismi sifatida namoyish etiladi.
Jenifer Lopec konsertda qanday ko‘rinishda bo‘ladi, Madaniyat vazirligi bu borada xonandaga mentalitetimizdan kelib chiqqan holda ma’lum talablar qo‘yganmi? Shu savollarga javob olish maqsadida Madaniyat vazirligi matbuot kotibi Sirojiddin O‘sarov bilan bog‘lanmoqchi bo‘ldik, lekin u qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.