Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-maydan boshlab tezlikni avtomatik pasaytirish uskunalari, GPS uskunalari bilan jihozlangan hamda GPS-monitoring va navigatsiya milliy tizimiga ulangan suv transporti vositalaridan (ichki yonuv dvigatelli va elektromotorli) foydalanishga
ruxsat beriladi.
Suv transportining ruxsat etilgan maksimal tezligi 40 km/soatni, turar-joy massivlari chegaralarida to‘xtash joylarida tezlik 20 km/soatni, plyajlar va aholi dam olish joylari chegaralarida esa 5 km/soatni tashkil etadi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab yuridik va jismoniy shaxslardan suv transportidan (elektromotor transportidan tashqari) foydalanish natijasida tabiiy muhit ifloslantirilganligi uchun har yili quyidagi miqdorlarda kompensatsiya to‘lovlari undiriladi:
— 10 BHM - motorli qayiqlar va gidrotsikllar uchun;
— 15 BHM - katerlar uchun;
— 25 BHM - yaxtalar uchun.
Motorli (ichki yonuv dvigatelli) suv transporti vositalarini (shu jumladan, ekspluatatsiya qilinayotganlarini) yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazish kompensatsiya to‘lovlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda amalga oshiriladi.
Hujjatda qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlar suv obyektlarida turizm xizmatlarini jadal rivojlantirishga, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlashga, suv resurslari ifloslanishining oldini olishga va ulardan oqilona foydalanishga ko‘maklashishga qaratilgan.