Maʼlumot uchun, shoir 1956-yilda Rishton tumanidagi Doʻtir qishlogʻida tavallud topgan. 1977-yildan Rishton tumanida oʻrta maktablarda oʻqituvchi, Madaniyat uyida rassom, tuman Maʼnaviyat targʻibot markazi rahbari, viloyat hokimligining “Fargʻona haqiqati” gazetasida adabiy xodim, FarDU sanʼatshunoslik kafedrasida oʻqituvchi kabi vazifalarda mehnat qilgan.
Marhum shoir, jurnalist sifatida tuman, viloyat, respublika gazeta va jurnallari orqali elga tanilgan. “Odamlar ichidan odam izladim” (2005), “Yaxshilar bor yaxshiyam” (2008), “Otam kutgan kunlar” (2013), “Muhammad Yusuf” (2014), “Kuy tili” (2015), “Qishloqdagi shoir” (2016) nomli sheʼriy toʻplamlari qoʻlma-qoʻl oʻqilib, zamonaviy oʻzbek adabiyotining durdonalari safidan joy olgan.
U oʻzbek sanʼati rivojiga ham munosib hissa qoʻshgan. Jumladan, taniqli xonandalar tomonidan uning koʻplab sheʼr va gʻazallari qoʻshiqqa aylantirilgan.
Protsess.uz marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.