O‘zbekiston bir yilda JSTga a’zo bo‘lishi aytildi
21.02.2025 10:12
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005-yilda to‘xtab qolgan, 2020-yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi.

18-19 fevral kunlari Jenevada Jahon savdo tashkiloti bosh kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda tashkilot bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala 2024 yilda Timor-Leste va Komor orollari JST a’zosi bo‘lishgani, endilikda 2026 yil 26-29 mart kunlari Kamerunda bo‘lib o‘tadigan JST sammitiga qadar O‘zbekiston, Bosniya va Gersegovina hamda Efiopiyaning tashkilotga qo‘shilishiga e’tibor qaratishni taklif etgan.
Bu masala yuzasidan JSTning 26 a’zosi o‘z fikrini bildirgan. Xususan, 16 a’zo mamlakat O‘zbekistonni aniq va qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Azizbek Urunov ushbu mamlakatlarga minnatdorchilik bildirib, ularning ro‘yxatini keltirdi: Argentina, Braziliya, Botsvana, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Pokiston, Filippin, Janubiy Afrika, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston.
“Qaror qat’iy, 2026 yilga ko‘p vaqt qolmadi”, deya yozdi Urunov LinkedIn sahifasida.
“Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, 20 fevral kuni Azizbek Urunovning Londonga tashrifi doirasida Buyuk Britaniya O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan. Tashrif davomida Britaniya biznes va savdo vazirining o‘rinbosari Garet Tomas, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlar darajasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda Britaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklaridan biri sifatida ko‘rishi va rasmiy Toshkent bilan har tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro savdodagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qildi, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Britaniya Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘sish va rivojlanish dasturi orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik yordamni kengaytirish, dastur doirasida mutaxassislarning institusional salohiyatini mustahkamlash, ularning xalqaro savdo sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga kelishib olindi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish sari qadamlari
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005-yilda to‘xtab qolgan, 2020-yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi. Undan keyin 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida, shuningdek, 2024-yil may oyida ishchi guruh yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yili may oyidagi yig‘ilishda O‘zbekiston ilk bor tashkilotga a’zo bo‘lish muddati borasidagi maqsadini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026-yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishidan kutilayotgan afzalliklar
O‘zbekiston 1994-yildan beri Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga intilib kelmoqda. JSTga qo‘shilish mamlakat uchun bir qator iqtisodiy va siyosiy imtiyozlar yaratishi mumkin. Quyida asosiy afzalliklarni ko‘rib chiqamiz:
Eksport imkoniyatlarining kengayishi
- O‘zbekiston mahsulotlari uchun global bozorlar ochiladi – JST a’zolari o‘rtasida savdo tariflari va bojlar pasaytirilgan bo‘ladi;
- Mahsulotlar raqobatbardoshligi oshadi – JST qoidalariga mos ishlab chiqarish va sifat standartlari qo‘llanilishi natijasida eksport hajmi o‘sishi mumkin.
Chetdan investisiyalar hajmining oshishi
- JSTga a’zolik xorijiy investorlar uchun O‘zbekiston iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchni oshiradi;
- Biznes yuritish sharoitlari yaxshilanadi, chunki JST qoidalariga muvofiq, davlat aralashuvi va proteksionistik chora-tadbirlar kamayadi.
Ichki bozor rivojlanishi va narxlarning barqarorlashishi
- Tovar va xizmatlar bozori ochiqroq bo‘ladi, raqobat oshadi, bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarni sifatni yaxshilashga undaydi;
- Narxlar pasayishi mumkin, chunki JST qoidalariga ko‘ra sun’iy bojxona to‘siqlari kamayadi va iste’molchilar ko‘proq tanlovga ega bo‘ladi.
Hukumat siyosati va qonunchilikni modernizatsiya qilish
- JSTga qo‘shilish uchun O‘zbekiston iqtisodiy qonunlarni JST standartlariga moslashtirishi kerak, bu esa mamlakat iqtisodiy tizimini yanada shaffof qiladi;
- Tashqi savdo tartib-qoidalari soddalashtiriladi, korrupsiyaga qarshi kurash samaraliroq bo‘lishi mumkin.
JST a’zolaridan huquqiy himoya olish
- JST a’zosi sifatida O‘zbekiston xalqaro savdo kelishmovchiliklarida huquqiy himoyaga ega bo‘ladi;
- JSTning maxsus mexanizmlari orqali adolatli savdo shartlari buzilganda chora ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
Kamchiliklar va qiyinchiliklar
- JST talablariga moslashish uchun ba’zi mahalliy ishlab chiqaruvchilar qiynalishi mumkin, chunki ular xorijiy kompaniyalar bilan raqobatga duch keladi;
- Davlat import tariflarini kamaytirishi kerak bo‘ladi, bu esa ayrim tarmoqlar uchun vaqtinchalik qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin;
- Iqtisodiy islohotlar jadallashadi, bu esa qisqa muddatli murakkabliklarga olib kelishi mumkin.