Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Xitoyning Nankin politexnika instituti xalqaro hamkorlik va almashinuv departamenti direktori Shan Veylay bilan muzokara oʻtkazdi. Bu haqda «Dunyo« AA xabar berdi.
Unda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, oʻzbekistonlik talabalarni Nankin politexnika institutida fundamental kasblar boʻyicha yuqori malakali ixtisoslashgan mutaxassislar etib tayyorlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mehnat migrantlarining malakasini oshirish uchun Oʻzbekistonda ixtisoslashtirilgan markazlarni ochish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Mavjud boʻlgan salmoqli tajribani inobatga olgan holda, Xitoy tomoni ushbu sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida taklif etilgan loyiha va dasturlarni batafsil muhokama qilish uchun Nankin politexnika instituti delegatsiyasining Oʻzbekistonga ishchi safarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.