– Amaldagi qonunchilikda foto va video qayd etish texnika vositalari yordamida aniqlangan huquqbuzarliklarni jarima solish to‘g‘risidagi qarorni chiqarish uchun mas’ul idoralarga yuborishning aniq muddatlari ko‘rsatilmagan edi, – deydi Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Shu sababli, ular sodir etilgan vaqtdan boshlab bir necha kun, ayrim hollarda bir necha oy o‘tgandan so‘ng ijroga qaratilmoqda. Bu esa, ayrim fuqarolarning to‘planib qolgan jarimalarni to‘lashda turli qiyinchiliklarga duch kelishlariga, oqibatda esa, asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Chunki, amaliyotda huquqbuzarlik haqida vaqtida xabar berilsa, jarimaning 50 foizini to‘lash imkoniyati mavjud.
Bunga barham berish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasi oltinchi qism bilan to‘ldirildi. Unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritildi.
Bunda, yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilandi.
Tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlariga muhtoj fuqarolarga ushbu yordam va xizmatlarning zudlik bilan ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tez tibbiy yordam hamda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari katta tezlikda yoki yo‘l belgilariga rioya etmay harakatlanishlari bilan bog‘liq holatlar mavjud. Bunday holatlar, o‘z navbatida, avtomatlashtirilgan foto- va video texnik vositalar orqali qayd etilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasiga asosan, yuqorida ko‘rsatilgan holat yuzaga kelgan hollarda, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, ma’muriy ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi asosida tugatilishi belgilangan.
Keyingi yillarda aholi tomonidan bunday xizmatlarga bo‘lgan murojaatlar ko‘payib, ushbu transport vositalarining bir manzildan ikkinchi manzilga tez yetib borishiga ehtiyoj ortib bormoqda.
Shu bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etishi talabi bekor qilindi.
Amaliyotda skuter, individual harakatlanish vositalari (elektrosamokat, sigvey, monokoleso) yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.
Qayd etish lozimki, Toshkent shahrida 2023 yil iyun oyidan boshlab o‘tkazilgan reyd tadbirlarida individual harakatlanish vositalari boshqaruvchilari tomonidan 200 dan ortiq yo‘l harakati qoidalari buzilganligi aniqlangan.
Shu sababli, skuter, individual harakatlanish vositalari (sigvey, elektrosamokat, monokoleso) yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan, skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek, individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga voqea joyining o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilindi.
Bundan 6 -7 yillar avval yo‘l-patrul xizmati xodimlari agar haydovchi yoki piyoda o‘zi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirmasa, unga joyida jarima solish va qoidabuzarga kvitansiya berish imkoniyati mavjud edi.
Bugungi kunda esa zamon rivojlanib, YPX xodimlari tomonidan ma’muriy qoidabuzarlikni aniqlash va uni belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun ularga elektron planshetlar tarqatilgan. Qoidabuzar haydovchi yoki piyodaning shaxsiga aniqlik kiritish va unga nisbatan elektron tartibda bayonnoma tuzish mumkin. Haydovchilar esa mobil aloqa vositalari orqali o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan jarimalarni to‘lash imkoniyati yaratilgan.
Shu bois, mazkur vakolat bekor qilingani YPX xodimlari va yo‘l harakati qatnashchilari o‘rtasida turli korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishining oldini oladi.
Qonun yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.