Bugun, 8-noyabr kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi klinikalarning birida 28 yoshli ayol qilingan antibiotik ukoldan so‘ng vafot etgan aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi.
Ushbu holat bo‘yicha UzNews.uz'ning so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 6-noyabr kuni soat 11:00 atrofida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashagan fuqaro 1996-yilda tug‘ilgan B.N. (ayol) xususiy poliklinikaga anginasi shishib ketganligi bo‘yicha murojaat qilgan.
Xususiy klinikaning lor shifokori I.J. tomonidan ayolning tomog‘i shishib yiringlaganligi sababli uning tomoq qismidan "Seftriakson" va "Deksametazon" dori vositalari aralashmasidan in’eksiya yuborilganida bemor B.N.ning tili tortilib ketgan. Voqea joyida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan bemorning sog‘lig‘i yomonlashib hodisa joyida vafot etgan.
Voqea sodir bo‘lgan joyga Shahrisabz shahar prokuraturasi tergovchisi rahbarligida tergov tezkor guruhi chiqib, hodisa joyi ko‘zdan kechirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.