Bugun, 7-noyabr kuni Buyuk Britaniya O‘zbekiston va Qozog‘istonning bir nechta kompaniyalari kiritilgan sanksiyalar ro‘yxatini yangiladi.
Xususan, ro‘yxatga StanexGroup xoldingi tarkibiga kiruvchi Uzstanex LLP kompaniyasi kiritildi. Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda dastgohlarni sotish va sozlash bilan shug‘ullanadi.
"Kompaniya Ukrainani beqarorlashtirish yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishda ishtirok etgan, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatgan yoki Ukrainaning beqarorlashuviga yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar, iqtisodiy resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etgan," - deyiladi kompaniyani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish uchun asosnomada.
Shuningdek, Buyuk Britaniya xuddi shunday asos bilan Qozog‘istonning CPS Energy LLP, TOO TawKZ va Rabadaziya LLP kabi kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, bir hafta oldin AQSH ham Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. AQSH Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya Yevropadan dastgohlar partiyalarining nominal qabul qiluvchisi bo‘lgan, ular keyinchalik Rossiyaga yetkazib berish uchun Xitoyning Shanghai Winsun Imp and Exp Co Ltd kompaniyasiga yuborilgan.
Shuningdek, ro‘yxatga sanoat uskunalari, avtomatik boshqaruv tizimlari va elektr qurilmalarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi The Elite Investment Group ham kiritilgan. 2024 yilning mart-may oylarida ushbu kompaniya Rossiyaga qariyb 190 ming dollarlik mahsulot, shu jumladan elektr transformatorlarini yetkazib berdi. Shuningdek, yetkazib berish avvalroq AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Rossiyaning "GTS Grupp" MCHJ kompaniyasi uchun amalga oshirilgan.