Demokrat Kamala Harrisning saylov shtabi AQSHdagi prezidentlik saylovlari g‘olibi bir necha kundan so‘ng e’lon qilinishini aytdi. Shundan keyin bir necha hafta davom etadigan sud jarayonlari boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Daryo.uz nashri CNN'ga tayanib
xabar berdi.
Bizni bir oylik sud jahannamiga tushish kutmoqda, dedi Harris kampaniyasi maslahatchilaridan biri.
Nomzod jamoasi allaqachon homiylarni ogohlantirgan, natijalar orasidagi farq kam bo‘lsa, “barcha bir-biri bilan to‘rt haftadan olti haftagacha” sudlashishi ehtimoli ortadi.
Harrisning saylov shtabi tashqi maslahatchisi Dana Remus ma’lumotni tasdiqlagan. U kampaniya butun mamlakat bo‘ylab ovozlarni sanash, qayta sanash va tekshirish natijalariga e’tiroz bildirish uchun advokatlar jamoasiga egaligini aytgan.
Saylovlarni Amerika xalqi hal qiladi va bu natijalarni bekor qilishning hech qanday imkoniyati yo‘q. Bizning institutlarimiz, xususan, Oliy sud bunga yo‘l qo‘ymaydi, degan Remus.
2024-yilgi prezidentlik saylovida asosiy kurash yettita beqaror shtat uchun bo‘ladi. Bular Pensilvaniya, Michigan, Viskonsin, Shimoliy Karolina, Jorjiya, Arizona va Nevada. Donald Tramp va Kamala Harris aynan shu shtatlardagi qo‘llab-quvvatlashni qo‘lga kiritishga intilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp Shimoliy Karolinada g‘alaba qozongan, Harris esa Virjiniyada yetakchilikni qo‘lga kiritgan. Nomzod saylovda g‘alaba qozonishi uchun 270 ta ovoz olishi kerak. Hozirda Harris 205 ta, Tramp esa 230 ta ovozga ega. Saylov natijalariga asosan ko‘rsatkichlar o‘zgarib boradi.