Toshkent va Vashington O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi.
Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
“14 oylik muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev, Prezident Administratsiyasi va idoralararo komissiyaning qo‘llab-quvvatlashi va siyosiy irodasi tufayli bu masala maqbul hal etildi”, – dedi Azizbek Urunov.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Jahon Savdo Tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lsa, bu mamlakat iqtisodiy o‘sishini tezlashtiradi.
“Jahon bankining baholashiga ko‘ra, O‘zbekiston JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lsa, 5-7 yil ichida iqtisodiyotning 17 foizga o‘sishiga hissa qo‘shadi”, – dedi Azizbek Urunov.
O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishini 20 ta davlat qo‘llab-quvvatlagan va bu borada ikki tomonlama protokollar imzolangan.