Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan joylarda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Jumladan,
JIB Dehqonobod tuman sudida koʻrilayotgan jinoyat ishidagi ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida mazkur tumanda faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati D.A. ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Karmana tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati X.A. Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchiga nisbatan mansabdor tanishlari orqali yengil jazo tayinlatib, uni ozodlikka chiqartirib berish evaziga 20 mln. soʻm va 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Vobkent tumanida kuzatilgan holatda, mahalliy advokatlik byurosi advokati N.Gʻ. Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilgan fuqaroga nisbatan mazkur tuman sudining 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash boʻyicha chiqargan hukmini oʻzining mansabdor tanishlari orqali 1 yil 2 oy muddatda yakunlatib berish evaziga 1200 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati B.A. ham fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudda koʻrib chiqilayotgan er-xotin oʻrtasidagi nikohni vakolatli tanishlari orqali bekor qildirib berish evaziga 1100 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shirin shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati B.Q. Jinoyat Kodeksining 270-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 800 AQSH dollari va 2,5 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur advokatlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.