Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida xotiniga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan shaxsga hukm chiqarilgan. Bu haqda Buxoro sudlari rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 16-aprel kuni soat 20:00 larda 1987-yil G‘ijduvon tumani Oqrabot qishlog‘ida tug‘ilgan shaxs uyida turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qolgan va boltaning tig‘ qismi bilan xotinining bosh va orqa bel sohasiga qasddan urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Sud ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksi 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 7-qismi “j” bandi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Biroq ayblanuvchiga Jinoyat kodeksi 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanib, shartli hukm qilingan holda 2 yil sinov muddati belgilangan.
Xabarda Sudya bunga asos qilib jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, ayblanuvchi qilmishiga pushaymonligini, jabrlanuvchi bilan yarashib, voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandini tarbiyalab kelayotganini, oilada yagona boquvchiligini, qaramog‘ida qariya kasalmand onasi borligini, G‘ijduvon tumani “Oqrabot” MFYning kafolat xatini e’tiborga olgani aytiladi.