Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada joriy oyda ishsizlar soni 27 ming kishiga oshgan. Shunday qilib, 2023-yil oktyabr oyiga nisbatan ishsizlar soni 183 ming kishiga ko‘paygan.
2024-yil oktyabr oyidagi ishsizlik darajasi o‘zgarishsiz 6 foizni tashkil etdi. 2023-yilning mos davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 0,3 foizga oshgan.
Bu 2021-yil fevralidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bungacha ishsizlik ketma-ket to‘rt oy davomida 6 foizni tashkil etgan.
Tahlilchilar o‘rtacha hisobda ishsizlar soni 15 mingga, ishsizlik esa 6,1 foizgacha ko‘payishini prognoz qilishgan, deya xabar beradi Trading Economics.
Oktyabr oyida ochiq bo‘sh ish o‘rinlari soni 689 mingtani tashkil etdi. Bu sentyabr oyiga nisbatan 7 mingga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 60 mingga kamdir.
Eslatib o‘tamiz, Germaniyaning avtomobilsozlik sanoati 2035 yilga borib 190 ming ish joyini qisqartirishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.