Moskvada AQSH razvedkasiga ma’lumot yetkazishga uringan tojikistonlik qamaldi.
Moskva shahar sudi tojikistonlik Firuz Dadoboyevni davlat siriga oid ma’lumotlarni AQSH razvedkasiga yetkazishga uringani uchun 13 yil 6 oyga qamoq jazosiga hukm qildi.
47 yoshli tojikistonlik 300 ming rubl miqdorida jarimaga ham tortilgan. U tijorat firmalaridan birining IT mutaxassisi bo‘lib, Rossiya fuqaroligiga ham ega.
Tojikiston-Rossiya fuqarosi 2022-yil oktyabr oyida “to‘plangan maxfiy materiallarni topshirishga urinayotganda” qo‘lga olingan. Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 275-moddasi (davlatga xiyonat) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Dadoboyev jazoni qattiq rejimdagi koloniyada o‘taydi.