01-12-2025 10:49

Unga ko‘ra, Markaziy bank 2025-yil dekabrida universal QR-kod pilot loyihasini banklar va to‘lov tashkilotlari bilan sinov tariqasida joriy etadi. 2026-yil yanvarida universal QR-kod bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlaydi. 2026-yil fevralida esa to‘lov xizmatlari bozorida universal QR-kod amaliyotga joriy etiladi.
Aprel oyida Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Hozirda savdo nuqtalarida tadbirkorlar tomonidan ko‘pincha QR-kodli bir nechta taxtachalar o‘rnatilganini, bu esa xaridorlarga noqulayliklar tug‘dirishini qayd etgandi.
“Biz yagona standart yaratishni maqsad qilganmiz. Unga ko‘ra, tashkilotda QR-kod o‘rnatiladi va mijoz uning yordamida o‘zi xohlagan mobil ilova yoki to‘lov xizmati orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deya uning media-muloqotdagi so‘zlarini keltirgandi Spot nashri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazganida tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod berilishini aytgandi.
