01-12-2025 08:53

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antisiklon ta’siri kuchayib bormoqda va ushbu jarayon 5-dekabrgacha saqlanib turishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Maxsus komissiya xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 29-noyabrdan boshlab sovuq antisiklon yanada kuchayib, atmosfera bosimining ko‘tarilishi va havo haroratining pasayishiga olib kelmoqda. Natijada kechasi sovuq, kunduzi esa kuchsiz iliq ob-havo kuzatilmoqda.
Sovuq antisiklonlarga xos bo‘lgan ertalabki tumanlar kuzatilishi ehtimoli yuqori. Uzoq muddatli inversiya havodagi chang, tutun va mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasining oshishiga, shuningdek, quyuq tuman hodisalari ehtimolining kuchayishiga olib keladi. Mazkur jarayon havoda zarrachalarning yuqoriga ko‘tarilmay, pastki qatlamlarda to‘planib qolishiga sabab bo‘ladi.
Komissiya ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda havodagi ifloslanish manbalarini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri va atrofida o‘tkazilgan reydlar davomida 1 449 ta issiqxona tekshirilib, 67 tasining faoliyati to‘xtatilgan, yuzlab shaxslarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, noqonunniy qurilish ob’ektlari aniqlanib, ayrimlari faoliyati to‘xtatilgan, havoni ifloslayotgan holatlar bo‘yicha javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Avtotransport yo‘nalishida ham nazorat kuchaytirilib, yukni ochiq tashigan va me’yordan ortiq zarar keltirgan haydovchilarga nisbatan jarimalar qo‘llangan. Qo‘shimcha ravishda shahar ko‘chalari namlanib, ariqlar tozalangan, favvoralar ishga tushirilgan, daryolardagi noqonuniy qazish ishlariga chek qo‘yilgan.
Ushbu choralar natijasida PM2.5 ko‘rsatkichlari 24-noyabrdagi 171 mkg/m³dan 28-noyabrda 97 mkg/m³gacha pasaygani qayd etilgan. Shu bilan birga, mamlakat hali ham kuchli antisiklon ta’sirida bo‘lgani uchun inversiya saqlanib, havodagi mayda zarrachalarning tarqalishi sekinlashmoqda. Bu tabiiy meteorologik jarayon bo‘lib, havo tozalanish sur’atini pasaytiradi.
Maxsus komissiya mas’ul idoralar tomonidan nafaqat joriy choralar, balki uzoq muddatli ekologik yechimlar ustida ham izchil ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, havoni ifloslayotgan manbalarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tun-kun davomida kuchaytirilgan reydlar amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda havoni ifloslantirgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatilganligi haqida xabar berilgan edi.
