01-12-2025 07:58

Unga ko‘ra, IIV Transport vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda avtobuslar va tez yordam mashinalariga jamoat tartibini saqlash, tibbiy yordam xodimlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shartnoma asosida qo‘riqlash xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab qo‘riqlovga olingan banklar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, mahalliy hokimliklar va boshqa obyektlarning fuqarolar kirish va chiqish joylariga ularning o‘z mablag‘lari hisobidan IIVning “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi davlat muassasasi tomonidan bosqichma-bosqich shaxsning yuzini tanib olish imkoniyatiga ega texnik vositalar o‘rnatilib, tegishli axborot bazalari bilan integratsiya qilinadi.
Qo‘riqlanayotgan obyekt yoki xonadonlardan tushayotgan tashvish xabarlari bir vaqtning o‘zida ichki ishlar organlarining yagona tezkor boshqaruv markazlariga, tegishli hudud profilaktika inspektorlari va patrul-post xizmati naryadlarining planshetlariga yuboriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab texnik qo‘riqlovga olingan obyektlarni alohida guruhlarga ajratgan holda ko‘rsatilgan qo‘riqlash xizmatlari uchun differensial to‘lov tizimi joriy etiladi.
Hujjatda belgilanishicha, IIV tizimida o‘ta muhim va toifalangan obyektlar bo‘lgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar qo‘riqlanadigan obyektlarini bosqichma-bosqich 2026-yil yakuniga qadar uchuvchisiz uchadigan apparatlarga qarshi qurilmalar hamda uchuvchisiz uchadigan apparatlar bilan jihozlash choralarini ko‘radi.
Ichki ishlar vazirligi 2026-yil 1-martga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Qo‘riqlash departamenti mablag‘lari hisobidan “E-Qo‘riqlash” elektron platformasini ishga tushiradi.
Shuningdek, “Xavfsiz ta’lim” konsepsiyasi joriy etiladi. Unga ko‘ra, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, shuningdek xorijiy ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizligi shartnoma asosida jismoniy va texnik qo‘riqlanadi. Ta’lim muassasalariga qo‘riqlash signalizatsiyalari, tashvish tugmalari va videokuzatuv tizimlarini o‘rnatiladi.
