12-11-2025 09:36

Qayd etilishicha, mamlakatlarda so‘nggi paytlarda bolalar orasida emlash darajasi pasaygani sababli virus Shimoliy va Janubiy Amerikada tez tarqalmoqda. Mutaxassislar Kanadada bir yildan beri virus tarqalish holatlari qayd etilayotganini ta’kidlagan. Xususan, 2025 yil davomida mamlakatda 5 138 ta kasallanish va 2 ta o‘lim holati qayd etilgan. Halok bo‘lganlar homiladorlik paytida virus yuqtirib, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlardir.
“Qizamiqdan holi” maqomi rasmiy unvon bo‘lsa-da, u yuqumli kasallikka qarshi katta yutuq sifatida baholanadi. Mamlakatlar bu maqomni virusning mahalliy darajada uzluksiz tarqalishiga barham berganida qo‘lga kiritadi. Ammo sayohatlar orqali keltirilgan alohida holatlar bo‘lishi mumkin.
Qizamiq odatda yuqori isitma bilan boshlanadi, so‘ng yuz va bo‘yinda toshmalar paydo bo‘ladi. Kasallik ko‘p hollarda tuzaladi, ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, u yosh bolalar orasida o‘limga eng ko‘p sabab bo‘ladigan yuqumli kasalliklardan biridir. Virusning jiddiy asoratlari ko‘rlik yoki miya shishishidir. Mazkur holat ayniqsa bolalar va 30 yoshdan oshgan kattalarda ko‘p uchraydi. Kasallikdan himoya esa oddiy emlash orqali amalga oshiriladi.
“Bu juda tashvishli va, ochig‘ini aytganda, uyatli holat. Kanada kabi boy mamlakat qizamiqni yo‘q qilish maqomini yo‘qotmasligi kerak edi”, deydi Braun universiteti olimi Jennifer Nuzzo.
Kanada qizamiqdan 1998 yilda, AQSH esa 2000 yilda xalos bo‘lgan edi. Keyinchalik, muvaffaqiyatli emlash dasturlari natijasida 2016 yilda butun Amerika qit’asi qizamiqdan xoli hudud deb tan olingan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, 2000–2023 yillar oralig‘ida emlash 6,2 million odamning hayotini saqlab qolgan.
Biroq so‘nggi yillarda emlash darajasi zarur 95 foizlik ko‘rsatkichdan pastlab ketgan. 2018–2019 yillarda Venesuela va Braziliyada yirik epidemiyalar yuzaga kelib, mintaqa mazkur maqomni yo‘qotgan edi. 2024 yilda esa maqom qayta tiklangan, ammo endi Kanadadagi vaziyat tufayli yana bekor qilinmoqda. Amerika sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari Kanada ma’lumotlarini tahlil qilib, virus mamlakatda bir yil davomida uzluksiz tarqalganini tasdiqlagan.
“Qizamiqni to‘xtatish har doim qiyin bo‘lgan. Ammo biz buni ikki marta uddalaganmiz, uchinchi marta ham uddalaymiz”, deydi tashkilot direktori Jarbas Barbosa.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Guandun provinsiyasida deyarli 4 mingta yangi chikungunya bezgagi holati qayd etilgandi.
